Sxema qanday ishlaydi
Sizga xabar keladi — do‘stingiz, kuryer, bank yoki davlat idorasi nomidan. Ichida — havola. Siz havolaga bosasiz:
Unga kirasiz - va:
- soxta saytga tushib qolasiz. Masalan, bank sahifasiga o‘xshagan, lekin unda sizdan telefon raqami, karta ma’lumotlari yoki SMS-kod so‘raladi;
- yoki telefoningizga zararli ilova yuklanadi. Bu ilova siz sezmagan holda yozishmalaringiz, SMS kodlaringiz, hatto bank ilovangizga kirishni nazorat qilib turadi.
Hayotdan olingan misollar:
“Menga ovoz bering” – havola orqali “saytga kirish” so‘raladi. Siz telefon raqamingizni va kodni yozasiz – aslida esa firibgarlarga pul yuborasiz.
“Mahsulotingizni yetkazib berish rasmiylashtirilmadi” — havolada sizdan yetkazib berish uchun to‘lov qilish so‘raladi. Kartangizni yozasiz – pullar firibgarga ketadi.
“Hujjatlarni yuklab oling” – fayl yuklab olinadi, lekin bu “hujjat” emas, balki telefoningizga ruxsatsiz kiradigan ilova.

Nega bu havolalar xavfli?
- Saytlar haqiqiysiga juda o‘xshab yaratilgan bo‘ladi. Masalan, payme.uz o‘rniga paymeuz.uz, nbu.uz o‘rniga nbubanc.net.
- Sayt rus yoki o’zbek tilida,til, logotip, dizayn – hammasi tanish. Faqat havola noto‘g‘ri.
- Zararli ilovalar o‘zini o‘yin, PDF, yoki “yangilanish” sifatida ko‘rsatadi.
O‘zingizni qanday himoya qilish mumkin?
- Shubhali havolalarni hech qachon bosmang — hattoki do‘stingiz yuborgan bo‘lsa ham. Uning akkaunti buzilgan bo‘lishi mumkin.
- Sayt manzilini tekshiring – g‘alati domenlar (.top, .click, .ru.com) bo‘lsa, bu havola ishonchli emas.
- Hech qachon ilovani havola orqali o‘rnatmang — faqat Google Play yoki App Store orqali yuklab oling.
- Agar sahifada sizdan karta raqami, kod, login so‘ralsa – shunchaki yoping.
- Telefonda antivirus va tizim yangilanishlari yoqilgan bo‘lsin, ayniqsa Android foydalanuvchisi bo‘lsangiz.
Havolani bosib qo’ygan bo‘lsangiz:
- Telefoningizda yangi ilova o‘rnatilganmi, tekshiring. Begona ilovalarni o‘chirib tashlang.
- Telegramda ikki bosqichli himoyani yoqing.
- Bank ilovasi sozlamalarini ko‘rib chiqing..
- Bankka o‘zingiz qo‘ng‘iroq qiling, vaziyatni tushuntiring. Zarur bo‘lsa, kartangizni vaqtincha bloklab turing.
Yodda tuting:
Hech qanday "bonus", "yetkazib berish", "tanlov" sababli hech kim sizga havola yubormaydi. Bu aldamchi signal bo‘lishi mumkin.
Agar yaqin tanishingizdan shubhali havola kelsa, qo‘ng‘iroq qilib aniqlashtiring.
Xavfsizlik – ehtiyotkorlikdan boshlanadi.