“Sizning nomingizdan kredit olishyapti” deyishdi

Yakshanba kuni kechqurun noma’lum raqamdan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. +998 kodli raqam – oddiy, shubhali emas. Erkak kishi o‘zini “Markaziy bank xodimi” deb tanishtirdi. Juda xotirjam, ishonarli ohangda gapirdi, xuddi ko‘rsatma bo‘yicha gapirayotgandek:

"Sizning pasport ma’lumotlaringizdan kreditni rasmiylashtirishda foydalanilgan. Biz firibgarlik sxemasidan shubhalanmoqdamiz. Pulingizni saqlab qolish va shaxsingizni tasdiqlash uchun mustaqil ravishda kredit rasmiylashtirib, mablag‘ni xavfsiz hisob raqamiga o‘tkazishingiz kerak."

O‘ylab qaralsa — bema’nilik, lekin ishonarli eshitilardi

Men darhol: "To‘xtang, menga kredit olishning nima keragi bor?" dedim. U esa xotirjamlik bilan javob berdi:

"Agar siz buni qilmasangiz, firibgarlar uni sizning nomingizdan rasmiylashtiradi. Biz rad etayotganingizni qayd etamiz va ma’lumotlarni moliyaviy xavfsizlik xizmatiga topshiramiz. Hisobingiz bloklanadi."

U shunday xotirjamlik bilan gapirdiki, qo‘rquvga tushib qoldim. Bu haqiqatan ham qandaydir "xizmat tekshiruvi" bo‘lishi mumkindek tuyuldi.

Meni hushyor qilgan gap

Men deyarli rozi bo‘lgan edim. Bank ilovasini ochib, arizalar bor-yo‘qligini tekshirmoqchi bo‘ldim. Ammo shu payt yonimdan o‘tayotgan talaba o‘g‘lim suhbatni eshitib qolib:

"Dada, go‘shakni qo‘ying. Bu firibgarlar. Markaziy bank odamlarga qo‘ng‘iroq qilmaydi” – dedi.

Shunda uyg‘ondim. Darrov qo‘ng‘iroqni tugatdim. Bankning rasmiy saytiga kirib, o‘zim telefon qildim. Ular tasdiqladi: bu firibgarlik. Hech qanday ariza ham, muammo ham yo‘q. Hisobim joyida.

Ha, haqiqatan ham Markaziy bank odamlarga qo‘ng‘iroq qilmas ekan.

Keyin men nima qildim

  1. Qo‘ng‘iroq qilgan raqamni blokladim.
  2. mygov.uz saytida kredit olishni cheklashni yoqib qo‘ydim.
  3. Bu voqeani barcha tanishlarimga aytib berdim, ular ham aldanib qolmasligi uchun.

Nimani tushundim?

Firibgarlar sizni qo‘rqitmaydi. Ular xotirjam, muloyim va ishonarli gapiradi. Aynan shuning uchun odam shoshilib noto‘g‘ri qaror qabul qilishi mumkin. Agar kimdir sizga: “Pulingizni saqlash uchun o‘zingiz kredit oling” desa — bu 100% firibgarlik.Telefon orqali hech kim sizdan pul yoki kredit bilan bog‘liq harakatlar qilishni so‘ramaydi.

Maslahatlarim:
  • Markaziy bank hech kimga qo’ng’iroq qilmaydi. Hech qachon.
  • Hech qanday tashkilot “xavfsizlik uchun kredit oling” deb aytmaydi.
  • Telefonda shoshilinch qaror qabul qilmang. Go‘shakni qo‘yib, bankka o‘zingiz qo‘ng‘iroq qiling.
  • Pul bilan bog‘liq HAR QANDAY qarorni qabul qilishdan oldin yaqinlaringiz bilan maslahatlashing.

Men bu voqeani hammaga aytib beraman. Chunki aldanish uchun bir daqiqaning o’zi yetadi. Boshqalarga ogohlantirish esa — eng yaxshi himoya.