Bu SMS kod aslida nima?
Kod sizning roziligingizni tasdiqlaydi:
- pul o‘tkazishga,
- kredit olishga,
- hisobingizga kirishga,
- kartani boshqa telefon yoki ilovaga bog‘lashga.
Ya’ni, “bu ishni aynan men qilyapman” degan belgi.
Oddiy qilib aytganda — bu siz ekanligingizni isbotlovchi kalit. Firibgar siz haqingizdagi boshqa ma’lumotlarni bilsa ham, siz kodni aytmaguningizcha hech narsa qila olmaydi. Ammo biror sabab bilan aytib qo‘ysangiz — hamma eshiklar ochiladi.
Firibgarlar qanday ish yuritadi?
Ular sizni aldash uchun o‘zlarini turli xizmat vakili deb tanishtiradi:
“Hisobingizdan pul o‘tkazishga urinish bo‘ldi. Bekor qilish uchun SMS kodni ayting.”
Siz ishonib qolasiz, telefoningizga kod keladi va uni aytasiz. Aslida esa: siz hisobingizga kirishni yoki pul o‘tkazmani tasdiqlayotgan bo‘lasiz.
Firibgarlar o‘zini kim qilib ko‘rsatadi?
Ular sizni aldash uchun o‘zlarini turli xizmat vakili deb tanishtiradi:
Kuryer xizmatidan
“Tovarni yuborish uchun kodni ayting.”
Aslida siz kodni aytib, hisobingizga kirishga ruxsat beryapsiz
OLX
“Pul o‘tkazdim, kod keldimi?”
Aslida siz to‘lovni emas, hisobga kirishni tasdiqlayapsiz.
Davlat idorasi vakili (soliq, pensiya jamg’armasi, militsiya:
“Sizga pensiya ajratilmoqda, kodni ayting.”
(Bosh maqsad — shaxsiy ma’lumotlaringizni olish)
Aloqa operatori
“Bonus faollashtirish uchun kodni ayting.”
(Ular esa ilovalaringizga kirishga harakat qilishadi.)
Moliyaviy xizmatlar vakili yoki savdo menejeri
“Aksiyada yutdingiz, ro‘yxatdan o‘tish uchun kod kerak.”
(Bu kodlar aksiya uchun emas — faqat muhim amallarni tasdiqlash uchun kerak.)
Nega odamlar chuv tushadi?
- Ular muloyim, ishonchli ohangda, ssenariy bo’yicha gapiradi.
- Ko‘pincha siz charchagan, band yoki yo‘lda bo‘lganingizda qo‘ng‘iroq qilishadi.
- Sizni shoshirishga urinishadi: “Aks holda pulingiz ketadi”, “Hisobingiz bloklanadi”, “Buyurtmani yo‘qotasiz.”
Kodni aytsa nima bo’ladi?
Bu juda jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin:
- Kartangizdan pul yechiladi;
- Nomingizga kredit olinadi;
- Hisobingizni o‘zgartirib yuborishadi.
Bularning barchasi bir necha soniya ichida sodir bo‘lishi mumkin. Faqat siz kodni aytganingiz uchun.